Samarqand viloyatida 2,3 million tup tut ko‘chati ekiladi
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyatida tut ko‘chatlari ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Buning asosiy maqsadi ipak qurti uchun ozuqa bazasini kengaytirish va pillachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iborat.
Ayni kunlarda viloyatning tumanlarida tut ko‘chatlari ekish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, joylarda tutchilikni rivojlantirish, ko‘chat ekish va ularni parvarishlash bo‘yicha amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Rejaga ko‘ra, kuzgi mavsumda Samarqand viloyati bo‘yicha jami 2 million 380 ming tup tut ko‘chati ekish belgilangan.
Jumladan, Pastdarg‘omda 319 ming, Payariqda 302,7 ming, Nurobodda 89,4 ming, Jomboyda 212,6 ming, Qo‘shrabotda 39,9 ming, Ishtixonda 183,9 ming, Oqdaryoda 143 ming, Kattaqo‘rg‘onda 184 ming, Toyloqda 85 ming, Narpayda 182 ming, Paxtachida 127,7 ming, Bulung‘urda 174,8 ming hamda Urgutda 239 ming tup tut ko‘chati ekish rejalashtirilgan.
Tutzorlarni kengaytirish orqali ipak qurtlari uchun sifatli va yetarli ozuqa zaxirasini yaratish, pilla yetishtirish hajmini oshirish hamda pillachilik tarmog‘ining ozuqa bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.